Sergeli tumani 55-sonli umumta’lim maktabida 2-aprel – Xalqaro autizm haqida axborot tarqatish kuniga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2-aprel sanasi autizm sindromi haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqyosda ommalashtirish kuni sifatida belgilangan. 2008-yildan beri bu kunda autizmning erta tashxislanishi, autizm sindromi bo‘lgan bolalarning davolanishiga yordam ko‘rsatish, mazkur sindrom to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish va autizm sindromiga ega bo‘lgan bolalar bilan muloqot qilish xususiyatlariga oid targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazib kelinmoqda. 

Shu maqsadda, 1-aprel kuni O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudirlari Dildora Madjidova, Qoraxonova Lobar hamda TDPU 2-bosqich magistrantlari Bayjigitova Saodat, Rustamova Lola, Tursunova Dildora Sergeli tumani 55-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurdilar va maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun 2-aprel – Xalqaro autizm haqida axborot tarqatish kuniga bag‘ishlangan seminar o‘tkazdilar.

Seminarda O‘zPFITI “Inklyuziv ta’lim” bo‘limi mudiri D.Madjidova autizm sindromi, autizm sindromi bo‘lgan bolalarning umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’limga qamrab olish xususiyatlari, autizm sindromiga ega bo‘lgan bolalar bilan ishlashning zamonaviy texnologiyalari, “ABA” terapiya, “DIR” konsepsiyasi va “Floortime” metodikasi haqida tushunchalar berib o‘tdi, “Tanishing Shon” videofilmi namoyishi o‘tkazildi. Seminar davomida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining ish faoliyatida duch keladigan muammolar, ota-onalar bilan ishlash usullari to‘g‘risidagi savollarga javoblar berildi. Shuningdek, tadbirda O‘zPFITIda nashr etilgan uslubiy va o‘quv qo‘llanmalar, TDPU 2-bosqich magistrantlari tomonidan tayyorlangan alohida ehtiyojli bolalar bilan ishlashda qo‘llaniladigan metodik vositalar o‘qituvchilarga taqdim etildi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bunday seminarlar va uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borilishi zarurligini ta’kidladilar.

 688 total views,  2 views today