Komillikning belgisi

haq yo‘lidan borib, xalqqa foyda keltirishdir

Mamlakatimizda har yili muayyan sohani rivojlantirish bo‘yicha yil dasturi qabul qilinadi. Bu yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlandi. Shunga binoan, Davlat dasturi amalga oshirilyapti. Bu yilgi Davlat dasturining ko‘lami ham, marralari ham oldingilaridan ancha salmoqli, yuksak. Buni belgilangan chora-tadbirlar ijrosi uchun avvalgi yillardagiga nisbatan qariyb bir yarim barobardan ziyod mablag‘  ajratilgani ham ko‘rsatib turibdi.

2022 yilda shuurimizga “Yurtimizda juda yaxshi ishlar qilinyapti. Biz ilgari ko‘rmagan, eshitmagan, jozibali, yangicha hayot boshlanyapti”, degan o‘y qayta-qayta kelyapti. Ko‘zimiz ko‘rayotgan, qulog‘imiz eshitayotgan o‘zgarishlar bunga dalolat. Ularni bir iboraga jamlasak, “Bo‘lar ekan-ku!” degan xulosa kelib chiqadi. Bu xulosalar yangi O‘zbekiston degan nurli iboradan taralyapti. Bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmadi. Hayotimizning keyingi besh yilidagi g‘ayrat, shijoat, tashabbuslar ijrosi mahsuli bular. Bugun biz sifat o‘zgarishlaridan kelib chiqib, o‘zimiz ham, xorijliklar ham yangi O‘zbekiston deb atayotgan, mafkurasi yangilanayotgan Vatanda yashayapmiz. Chunki oxirgi besh yilda O‘zbekiston milliy va xalqaro miqyosda tamoman yangi qiyofa kasb etdi. Mamlakatning jahoniy obro‘si va maqomi yanada ko‘tarildi.

Yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, ularda vatanga muhabbat tuyg‘usini shakllantirish, milliy ongi va tafakkurini rivojlantirish hamisha demokratik jamiyatning eng asosiy maqsadi va matlabi bo‘lib kelgan. Tarbiyadan murod komil insonni voyaga yetkazishdir. Komillikning belgisi haq yo‘lidan borib, xalqqa foyda keltirishdan iborat. inson kapitali qancha boy bo‘lsa, odamlarga shunchalik ko‘p foyda keltira oladi.

Yana bir jihat odamni xursand qiladi. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ma’naviyatga, yoshlar tarbiyasiga qaratilgan maqsadlar dadil ilgari surilgan. Mana, qarang: strategiyada “jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish”, “kitobsevar millat”, “buyuk ajdodlar ilmiy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish” kabi katta maqsadlar qo‘yilgan. Strategiyaning yetti yo‘nalishidan ikkitasi bevosita ma’naviyat, inson kapitali bilan bog‘liq. Bu juda quvonarli. Pedagog olim sifatida inson kapitaliga qaratilgan alohida e’tibordan quvondim. Kuch oldim. Nega?

Globallashuv, modernizatsiya hayotimizga har kuni yangi tushunchalarni olib kirayotir. Mashina, uskuna, jihoz, texnologik jarayonlar yangilanib, zamonaviylashayotir. Chunki eskirgan bilim, ko‘nikma, malaka – bular iqtisodiy jihatdan eski tovar. Nima qilish kerak? Demak, odam doim o‘z ustida ishlashi, uzluksiz bilim olib, o‘z inson kapitalini boyitib borishi darkor. Negaki, “odamning bilim va malakasi kapitalning o‘ziga xos shaklidir”, degan edi Nobel mukofoti laureati Teodor Shults.

Biz buyuk allomalarimizning ilmning foydasi haqidagi yuzlab durdona fikrlarini bilamiz. Lekin ilmga amal qanday bo‘lishini dunyoda hech kim Amir Temurdek aniq va o‘z tajribasida sinab ko‘rib ayta olmagan bo‘lsa kerak. Mana, qarang, Sohibqiron bunday deydi: “Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir”. “Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yengadi”, degan hikmat bor xalqimizda. Mana shu hikmatni bugun dunyo olimlari inson kapitali, deb atayapti aslida.

XX asrda akademik S.Fisher “Inson kapitali — bu odamning foyda keltirish qobiliyatining o‘lchovi. Bunga uning tug‘ma qobiliyati, talanti, bilimi va orttirgan kasbiy malakasi kiradi”, degan xulosaga keldi. Olimning fikricha, inson kapitali deganda odamlarning soni emas, kreativligi va samaradorligi tushuniladi. Mana shu umuminsoniy yuksaklikdan turib qarasak, bolalarga sifatli ta’lim berish, yoshlarni intellektual, ma’naviy-axloqiy yetuk, salohiyatli mutaxassis, haqiqiy vatanparvar inson qilib tarbiyalash g‘oyasi zamirida qanchalik zalvorli marralar ko‘zlangani ko‘rinadi.

Zamonaviy ta’limning asosiy maqsadi jamiyat, davlat va ta’lim oluvchi shaxsning zarur ehtiyojini qondirish, mamlakatning ma’naviy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qila oladigan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashdir. Keng dunyoqarashga ega, mustaqil va erkin fikrlaydigan, ta’lim jarayonini maqsadli modellashtira biladigan o‘qituvchi ta’limning yorqin istiqbolini belgilab bera oladi.

O‘quv jarayonining asosiy sub’ekti sifatida o‘quvchining samarali ta’lim olishi, “ommaviy madaniyat” tahdidlaridan saqlana bilishi, yosh avlodning bolalikdan milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi, unda yuksak g‘oyaviy ideal va e’tiqodlar shakllanishi hamda odob-axloq me’yorlariga amal qilishida o‘qituvchining o‘rni katta. Maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda davlatimiz rahbari o‘qituvchining yangi O‘zbekiston istiqbolini belgilab berishdagi ahamiyatini yuksak baholadi. “Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog‘liq”, deya ta’kidladi. Prezidentimizning bu masalaga shu qadar jiddiy, kuyunib yondashayotgani bejiz emas.

Maktab ta’limining sifati kimga bog‘liq? Avvalo, o‘qituvchiga. Buning uchun u yangi O‘zbekistonning yangi o‘qituvchisi bo‘la olishi kerak. U bolalarni, pedagogik faoliyatni sevishi, dars o‘tish mahoratini kun sayin emas, soat sayin oshirib borish ustida qunt bilan mehnat qilishi, ta’lim-tarbiyaning zamon talablariga mos bo‘lishiga intilishi lozim. Shuningdek, mehnatsevarlik, haqiqatgo‘ylik, odob, nekbinlik, ifodali va hissiyotli nutq, pedagogik takt, ijodkorlik, tashkilotchilik, sabr, bag‘rikenglik, qat’iyat, intizom har bir pedagog uchun g‘oyat zarur. Yangi O‘zbekiston o‘qituvchiga shunday mas’uliyatni yuklamoqda. Bu mas’uliyat zalvorini biz, pedagoglar qanday tushunishimiz kerak?

Buni Prezidentimiz “Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim — yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hiso bidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, deya uqtiradi.

Afsuski, ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi zo‘ravonlikka asoslangan videoo‘yinlar, ma’naviyat va odob-axloq me’yorlarini oyoqosti qiladigan rasm, video va kinolardagi yot g‘oyalar yoshlar ma’naviyatiga xavf solmoqda. Tarbiya instituti bu borada ojiz qolmasligi, o‘zining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqib, ishga solishi zarur. Ota-onalar hamda pedagoglar yoshlarni tahdid solayotgan yot g‘oyalardan, ijtimoiy tarmoqlardan himoyalashga bevosita mas’ul.

Bu borada o‘qituvchilar, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y hushyorlik va ogohlikni oshirib, buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, bu dunyo haqiqatan ham kurash maydoniga, sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq esa bu kurashning quroliga aylanib borayotganini chuqur anglab, ma’rifat asosida ish olib borishi zarur.

Yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat tuyg‘usini shakllantirish, milliy ongi va tafakkurini rivojlantirish hamisha demokratik jamiyatning eng asosiy maqsadi va matlabi bo‘lib kelgan. Tarbiyadan murod komil insonni voyaga yetkazishdir. Komillikning belgisi haq yo‘lidan borib, xalqqa foyda keltirishdan iborat. Inson kapitali qancha boy bo‘lsa, odamlarga shunchalik ko‘p foyda keltira oladi.

Zero, tarbiya va ma’naviyat egiz tushunchalardir. Ma’naviyat xalqimiz tarixiga hurmat va e’tibor bilan yondashish, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi asriy orzu-intilishlarga doir hayo tiy ideallar, Vatan ravnaqi, el-yurt oso yishtaligi, farovon hayot kabi yuksak g‘oyalarning ma’no-mazmunini teran anglab yetishga xizmat qiladi. Bunday vazifalarning barchasi maktab o‘qituvchisi zimmasiga yangidan-yangi talablar yuklaydi.

Albatta, muammo qanchalik chigal bo‘lmasin, uning yechimi ham mavjud. Biz ma’naviyat tarbiya-sining azaliy, tarixiy shakllangan institutiga egamiz. Faqat uning imkoniyatlarini to‘liq o‘rganishimiz lozim. Jumladan, o‘quvchilarni g‘oyaviy-axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalashda odob-axloqi va vatanparvarligi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘la oladigan siymolar haqida ma’lumot beruvchi, qiziqarli, bolalar yoshi va dunyoqarashiga mos pedagogik nashrlarni chop ettirish va keng targ‘ib qilish zarur. Ayniqsa, ijtimoiy pedagogik faoliyatni ilmiy asosga qo‘yib, ota-onalar orasida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining to‘rtinchi yo‘nalishida belgilab berilgan inson omili haqida bilimlarni keng targ‘ib qilishimiz talab etiladi.

Prezidentimiz yana bir haq gapni aytdi: “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi”. Davlatimiz rahbari aytgan yorug‘ kelajakni O‘zbekiston yoshlari barpo etadi. Buning uchun pedagoglarimiz yosh avlodda qat’iy hayotiy pozitsiya, Vatanimiz taqdiri uchun yuksak mas’uliyatni shakllantirishi muhim ahamiyatga ega. Qalbida Vatan tuyg‘usiga yo‘g‘rilgan ma’naviyat qaror topishi uchun inson qalban va vijdonan, aql va qo‘l bilan mehnat qilishi kerak. Ma’naviyat va halol mehnat yo‘q joyda hech qachon baxt-saodat bo‘lmaydi.

Risboy JO‘RAEV,
O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri, akademik
Maqolaning orginal versiyasi «Yangi O’zbekiston» gazetasining № 39 (561), 2022-yil 23 fevral sonida chop etilgan

 2,725 total views,  5 views today