Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti va  T.N.Qori Niyoziy nomidagi O’zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti hamkorligida “Odamiy ersang…” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy anjumani bo’lib o’tdi

Jahon she’riyat hazinasini durdona asarlari bilan boyitgan, Xusayn Bayqaro saltanatida davlat arbobi sifatida bunyodkorlik va ma’naviy-ma’rifiy islohotlar olib borgan, amalga oshirgan ishlari sababli «amiri kabir» (ulug’ amir), «amiri muqarrab» (eng yaqin amir) unvonlariga sazovor bo’lgan g’azal mulkining sultoni mir Alisher Navoiy bobomiz tavalludining 581 yilligi, xalqimizning suyukli farzandi, jahonga mashhur shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi  munosabati bilan 2022 yil 8 fevral kuni soat 10-00 da T.N.Qori Niyoziy nomli O’zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetlari hamkorligida “Odamiy ersang” mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman o’tkazildi.

Anjumanning maqsadi: Alisher Navoiy va Mirzo Bobur pedagogik merosini o’rganish va tegishli vazifalarni belgilab olish;

 Konferentsiyaning vazifalari: Alisher Navoiy va Mirzo Bobur pedagogik merosining mazmun-mohiyatini ilmiy-jamoatchilik va yosh tadqiqotchilar orasida keng targ’ib qilish va ularning pedagogik merosini chuqur o’rganishag e’tibor qaratishdan iborat bo’ldi.

Alisher Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy» («Ma’nolar xazinasi»), «Devoni Foniy» («Foniy devoni»), «Lison ut-tayr» («Qushlar tili») , «Muhokamat ul-lug’atayn» («Ikki til muhokamasi»), «Mahbubul-qulub» («Qalblar sevgani»), “Xamsa” kabi dostonlari xalqimiz ma’naviyat xazinasidan munosib o’rin egallagan. Alisher Navoiy nafaqat betakror ijodi bilan, balki go’zal insoniy fazilatlari bilan ham o’zga xos maktab yaratib ketgan buyuk alloma edi.

Ilmiy-ma’rifiy anjumanda yosh avlodni Alisher Navoiy va Bobur she’riyatining ahamiyati,  yoshlar ta’lim-tarbiyasida Alisher Navoiy va Mirzo Bobur merosidan foydalanish borasida fikrlar almashinishi bilan bir qatorda quyidagi dolzarb vazifalar belgilab olindi:

– zamonaviy innovatsion – Alisher Navoiy va Mirzo Bobur asarlarida ilgari surilgan odob-axloq masalalarining hozirda ham kerali ekanini dastavval oila muhitiga tatbiq etish, buning uchun ota-onalar, bobo-buvilar uchun “Alisher Navoiy va farzand tarbiyasi”, “Alisher Navoiy hikmatlari”, “Alisher Navoiy va Mirzo Bobur merosiga murojaat” kabi mavzularda ijodiy kechalar o’tkazish, ularda  farzandlar bilan bo’ladigan kundalik muloqot vaqtlarini   ko’paytirishga motivatsiya uyg’otish;

–   ta’lim muassasalarida Alisher Navoiy  va Mirzo Bobur merosini chuqur o’rganish uchun o’quvchilar o’zlashtirishlari zarur bo’lgan badiiy, ilmiy va ma’rifiy tarbiyaviy adabiyotlar minimumini shakllantirish  borasida fikr-mulohazalar, takliflar va tavsiyalar o’rtaga tashlandi.

Anjuman ishida navoiyshunos va boburshunos olimlarlar, ilmiy-pedagogik xodimlar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o’qituvchilari, metodistlar, doktorantlar, magistrlar, iqtidorli talabalar ishtirok etdilar.

O’zPFITI matbuot xizmati

 966 total views,  1 views today